Direktor


NIZOMIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETINING TERMIZ FILIALINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA
Surxondaryo viloyatida maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlarini tatbiq etish, yoshlarning intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish borasida ta’lim muassasalarini malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash yo‘nalishlarida hal etilishi lozim bo‘lgan qator dolzarb masalalar mavjud.
Xususan, Surxondaryo viloyatining Termiz shahri va uning atrofidagi Termiz, Angor, Sherobod, Muzrabot, Qiziriq, Boysun va Jarqo‘rg‘on tumanlarida 158 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida 1500 nafardan ziyod tarbiyachi, 404 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 4082 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 457 nafar, umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarni oliy ma’lumotli kadr etib tayyorlash bilan birga, qo‘shimcha 244 nafar oliy ma’lumotli mutaxassisga ehtiyoj sezilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 9 sentyabrdagi PQ-3261-son qaroriga muvofiq 2018 yildan boshlab, hududda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish belgilangan bo‘lib, bu qo‘shimcha ravishda oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashni taqozo etadi.
Hududdagi ta’lim muassasalarining malakali pedagoglarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylardagi ta’lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash hamda xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish, ta’lim sifatini yaxshilash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-son qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Surxondaryo viloyati hokimligining Termiz shahrida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filialini (keyingi o‘rinlarda Filial deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ta’lim muassasalari uchun yuqori malakali pedagog kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
pedagogik ta’lim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;
yurtimizning pedagogika fani bo‘yicha qadimdan rivojlanib kelgan yutuqlari, xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalarining tajribasi va Surxondaryo viloyatidagi ta’lim muassasalarining talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish;
o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida» 2017 yil 5 maydagi PQ-2955-son qarori talablariga muvofiq Surxondaryo viloyatidagi ta’lim muassasalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda, Filialning 2017/2018 o‘quv yili uchun talabalar kontingentini Surxondaryo viloyatida doimiy yashayotgan (doimiy propiska qilingan) Termiz davlat universiteti va boshqa turdosh oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirib, mazkur oliy ta’lim muassasalariga to‘plagan ballari eng yuqori ballning 30% dan (68,0 balldan) kam bo‘lmagan, Filial uchun to‘lov kontrakt asosida mos ta’lim yo‘nalishlari abiturientlari hisobidan shakllantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi ballar ketma-ketligiga rioya etgan holda tegishli ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi test natijalari qaydnomalarini chop etsin va belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun Filialga yetkazsin.
2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilansin.
4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda Filialning 2017/2018 o‘quv yili qabul kvotalari hamda o‘qishga tavsiya etiladiganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Surxondaryo viloyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
5. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Termiz filialining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Filial (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy bo‘linmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga zarur hollarda, Filialning tuzilmasiga oliy ta’lim muassasasi uchun o‘rnatilgan normativlarga muvofiq xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Filial Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining yuridik shaxs maqomidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018 yil 10 martgacha:
Filialning ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;
1-kurs yuklamasini 2018 yilning iyul oyi yakuniga qadar bajarish bo‘yicha moslashtirilgan maxsus o‘quv reja va dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Filialda o‘quv-metodik jarayonlarning tashkil etilishini ta’minlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni o‘quv-laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Filial axborot-resurs markazini tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin.
2017/2018 o‘quv yilida Filialga talabalikka qabul qilingan abiturientlar o‘qishni bitirgandan so‘ng Surxondaryo viloyatidagi doimiy yashash joyida o‘n yil mobaynida tegishli ta’lim muassasalarida ishlab berishlari (aniq ish joyi ko‘rsatilgan) to‘g‘risida tuman hokimligi, oliy ta’lim muassasasi va jismoniy shaxs (abiturient) o‘rtasida belgilangan tartibda uch tomonlama shartnomalar tuzilsin.
7. Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:
Termiz shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 228 «B»-uyda joylashgan Termiz maktabgacha ta’lim va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududlari bilan birga Filialga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;
Termiz maktabgacha ta’lim va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji faoliyati 2017/2018 o‘quv yili yakuniga qadar Termiz axborot texnologiyalari va turizm kasb-hunar kolleji bino va inshootlarida davom ettirilishi to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mazkur bandda ko‘rsatilgan bino va inshootlarning belgilangan tartibda qabul qilinishi va topshirilishini ta’minlasin.
8. Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Termiz maktabgacha ta’lim va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining Termiz shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 228 «B»-uyida joylashgan bino va inshootlari Filialga berilishi munosabati bilan mazkur kollej faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan 2018 yilning 1 iyuliga qadar Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturining 2019 yil va keyingi yillar uchun parametrlarini shakllantirishda Filialning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlash loyihalarini belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin.
10. Belgilab qo‘yilsinki:
Filialni saqlash xarajatlari 2018 yilda «Maorif» sohasi bo‘yicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida, 2019 yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi;
Filialning dastlabki faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining byudjetdan tashqari, o‘qitishning kontrakt shaklidan tushadigan mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
11. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
12. Filialga 2 ta, shu jumladan 1 ta xizmat va 1 ta maxsus yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Filialni onlayn ma’ruza hamda masofaviy ta’lim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilmasi bilan ta’minlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi internet hamda elektron ta’lim milliy tarmog‘iga ulash choralarini ko‘rish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
14. Surxondaryo viloyati hokimligi respublika oliy ta’lim muassasalaridan Filialga faoliyat yuritish uchun taklif etilgan professor-o‘qituvchilarni uy-joy bilan ta’minlash, uzoq muddatli, imtiyozli ipoteka kreditlarini ajratish choralarini ko‘rsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V. Akmalov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov va Surxondaryo viloyati hokimi E.O. Turdimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018 yil 5 mart, 170-son