SURXONDARYO VILOYATI HOKIMI TO‘RA BOBOLOVNING VOHA AHOLISIGA BAYRAM TABRIGI

Aziz vohadoshlar! Avvalambor, Sizlarni eng ulug‘, eng aziz bayram – mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Tafsilot

Qisqacha

Aziz vohadoshlar! Avvalambor, Sizlarni eng ulug‘, eng aziz bayram – mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Batafsil

Bu yilgi bayramning “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim” shiori ostida o‘tkazilishida chuqur ma’no va hayotiy hikmat mujassam. Xalqimizning ozod va obod Vatanimizga bo‘lgan muhabbatini ifodalovchi bu ezgu so‘z har bir yurtdoshimiz qalbiga cheksiz g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi. 2020 yil butun dunyo hamjamiyati uchun sinovli yil bo‘ldi. Deyarli barcha mamlakatlarni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi bizni ham chetlab o‘tmadi. Ammo, turli sinovlarda toblangan mard xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat bo‘lib, chegara bilmas bu baloni ham sabr va matonat bilan yengib o‘tmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Bugungi yo‘qotilgan vaqt va imkoniyatlarni ertaga tiklab bo‘lmaydi. Hayot bizdan aql-idrok, sabr-toqat, metin intizom bilan harakat qilishni talab etmoqda”. Shu bois, hozirgi pandemiya sharoitida ham Davlat dasturlari asosida sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy sohalardagi yangilanish va o‘zgarishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi yakunlari hamda Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorlariga asosan, bugungi kungacha umumiy qiymati 1,4 trln. so‘mga teng 375 ta loyiha ishga tushirilib, 3614 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Viloyatga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida, bugungi kunda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni 407 taga yetdi. Joriy yilning o‘tgan davrida qariyb 132 mln. dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etildi. Bugungi kunda, viloyatning eksport salohiyatini oshirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish, yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida qariyb 142,5 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Qadrli vohadoshlar! Joriy yilda aholini ijtimoiy himoya qilish, ularning turmush tarzini yuksaltirish bo‘yicha ham bir qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda viloyatda namunaviy loyihalar asosida 16 ta massivda 402 ta arzonlashtirilgan uy-joylarni qurish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. 2020 yilgi Investitsiya hamda “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari asosida shu kungacha 81 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektining 28 tasida, 44 ta ichimlik suvi va oqova suv ob’ektlarining 11 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, qolganlarida keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Viloyatda barcha sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor berilayotganligi tufayli qishloq xo‘jaligi sohasida ham salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritildi. Viloyatimiz dehqon va fermerlari g‘allachilik va pillachilikda barakali xirmon ko‘tarib, mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib shartnomaviy rejasini bajarganligini alohida ta’kidlash joizdir. Ayni paytda dalada mehnat qilayotgan paxtakorlarimiz ham joriy yilgi mavsumni yorug‘ yuz bilan yakunlashni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yganlar. Muhtaram do‘stlar! To‘yga to‘yona bilan borish xalqimizning azaliy an’anasidir. Bu yil ham mamlakatimiz mustaqilligining 29 yillik bayrami munosabati bilan viloyatimizning barcha hududlarida ko‘plab ijtimoiy, maishiy va ishlab chiqarish ob’ektlari foydalanishga topshirilmoqda. Jumladan, kuni-kecha Termiz shahrida “AFGAN–GERMAN KAMPANI” qo‘shma korxonasi tomonidan bunyod etilgan yetti qavatli, 57 xonadonga mo‘ljallangan zamonaviy turar-joy binosi foydalanishga topshirilishi xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Qolaversa, viloyatimiz markazida faoliyat yuritayotgan “GLASS EKSPO SURXON” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona mustaqilligimizning 29 yilligiga ajoyib sovg‘a tuhfa qildi. Pattakesar mahallasida qurilish uchun zarur va import o‘rnini bosadigan oynaga qayta ishlov berish korxonasi ish boshladi. Bu esa xalqimiz bunyodkorligi, yaratuvchanligi samarasi ekanligini bugun barchamiz yurakdan his etib turibmiz. Hurmatli vohadoshlar! Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari, ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhi turli darajadagi davlat mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Ular qatorida surxondaryolik turli soha vakillari, faxriylar va yoshlar ham bor. Fursatdan foydalanib, ularni yuksak mukofotlar bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etamiz. Aziz vohadoshlar! Siz azizlarni, Sizning timsolingizda barcha vohamiz ahlini, yana bir bor, eng ulug‘, eng aziz bayram - istiqlol shodiyonasi bilan samimiy tabriklayman. Barchangizning el-yurt ravnaqi va taraqqiyotini ta’minlash yo‘lidagi fidokorona faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Yurtimiz tinch, hayotimiz farovon, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin! To‘ra Bobolov, Surxondaryo viloyati hokimi

Mavzuga oid